30-yubiley Toshkent Xalqaro «Sog’liqni saqlash – TIHE 2026» ko’rgazmasi

28 - 30 aprel 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda o‘tkir yurak-qon tomir va miya qon tomir kasalliklarining oldini olish hamda davolashni yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Rejaga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan boshlab “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Yurak xuruji va insultga qarshi kurash” milliy dasturi Samarqand viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi. Oktyabr oyidan boshlab dastur Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda kengaytiriladi.

Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi orasida har yili skrining o‘tkazish, aniqlangan xavf guruhlarida maqsadli tibbiy ko‘riklar tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam algoritmlari va klinik yo‘llarni joriy etish nazarda tutilgan.

Xalqaro standartlarga muvofiq, ushbu kasalliklarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda “oltin soat” tamoyili joriy etiladi.

Taqdimotda shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham taqdim etildi. Xususan, tez tibbiy yordam brigadalari telemetrik elektrokardiograflar va monitorli defibrillyatorlar bilan jihozlanadi. EKG natijalarini sun’iy intellekt asosida tahlil qilish va axborot tizimi orqali uzatish, shuningdek brigadalar va shifoxonalar o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Statsionar muassasalarda insultni sun’iy intellekt asosida diagnostika qilish va bemor yo‘nalishlarini raqamlashtirish joriy etiladi. Shifoxonalar trombolitik dori vositalari va shoshilinch jarrohlik aralashuvlari uchun zarur sarf materiallari bilan ta’minlanadi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari shoshilinch statsionar tibbiy yordam ko‘rsatishga jalb etiladi, o‘tkir yurak-qon tomir va miya qon tomir kasalliklari bo‘yicha ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Milliy dastur doirasida “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida bemorlar va xavf guruhidagi aholi elektron reyestri yuritiladi.

Aholi o‘rtasida profilaktika va xabardorlik ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ijtimoiy roliklar, infografikalar, animatsiyalar va qisqa videolarni tarqatish, bozorlar va savdo markazlari yaqinida banner va bilbordlar o‘rnatish, shuningdek ta’lim muassasalari, korxonalar va mahallalarda seminar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Angels Initiative” doirasidagi “FAST Heroes” xalqaro dasturi asosida maktab o‘quvchilari uchun maxsus darslar tashkil etiladi. Har yili 29-sentabr — Butunjahon yurak kuni va 29-oktabr — Butunjahon insult kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin darajasini o‘lchash bo‘yicha bepul ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.

Dastur moliyalashtirilishi uchun 2026-yilda 239 milliard so‘m, 2027-yildan boshlab esa 280 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi.

Taqdimotda 2026–2030-yillarda qon xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Qon mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishini inobatga olgan holda, xizmat quvvatlarini kengaytirish va sog‘liqni saqlash muassasalarining qon va uning komponentlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq, ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan qon topshirishlar sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donorlik sonini 1 millionga yetkazish orqali qon zaxiralarini 150 ming litrdan 450 ming litrgacha ko‘paytirish, ixtiyoriy donorlar sonini esa 300 mingdan 900 minggacha oshirish rejalashtirilgan.

Ilg‘or xalqaro tajriba asosida qon va uning komponentlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan standart operatsion tartiblar, xavfsizlik protokollari va zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, qon xizmati xodimlarining malakasi oshiriladi, moddiy-texnik baza mustahkamlanadi va ixtiyoriy donorlik rivojlantiriladi.

Qon boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida “talab – qayta ishlash – yetkazib berish” sikliga asoslangan jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.

Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlarini elektron hisobga olish” axborot tizimi joriy etilib, qon va uning komponentlari harakati ustidan nazorat ta’minlanadi hamda shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalashgan buyurtmalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yilda qon xizmatlarini moliyalashtirish uchun 308 milliard so‘m, 2026–2030-yillarda sohani rivojlantirish uchun jami 1,75 trillion so‘m ajratilishi qayd etildi.

Taqdimot davomida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlari va klinikalari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalari haqida ham ma’lumot berildi.

2025-yil sentabr–dekabr oylarida ishchi guruhlar tomonidan 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazi va klinikalari faoliyati kompleks baholanib, bir qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklari aniqlandi. Ularni bartaraf etish uchun 27 banddan iborat “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Aholi salomatligini saqlash tizimini, tibbiy rejalashtirish va milliy laboratoriya tizimini isloh qilish bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 25 nafar xalqaro va 19 nafar mahalliy ekspertlarni jalb etish taklif qilinmoqda.

Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi ham taqdim etildi.

2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish (II bosqich)” loyihasi doirasida yangi markaz majmuasi va uning 13 ta filialiga umumiy qiymati 61 million AQSh dollari bo‘lgan 119 turdagi tibbiy uskunalar yetkazib berildi. Qo‘shimcha ravishda 5,6 million AQSh dollari qiymatidagi 5 turdagi uskunalarni xarid qilish rejalashtirilgan.

10 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga 80 turdagi 1 027 dona tibbiy uskuna, shuningdek radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish uchun siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qilish taklif etilmoqda.

Davlat rahbariga farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va aholining sifatli hamda arzon dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Qayd etilishicha, farmatsevtika sanoati hozirgi kunda eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda sohada umumiy qiymati 2,3 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 2025-yilda 362 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 2,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Sanoat korxonalari tomonidan 7,3 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlatga 220 million AQSh dollari miqdorida eksport qilindi.

So‘nggi islohotlar natijasida tadbirkorlar ilk bor texnologiyalar transferi asosida O‘zbekistonda 130 turdagi import dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar.

Bundan tashqari, 2 ming turdagi import dori vositalari bo‘yicha referent narxlar qayta ko‘rib chiqilishi natijasida ulgurji narxlar 40–60 foizga kamaytirildi.

Taqdimot yakunida mahalliy ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi dori vositalari sifatini va ommabopligini oshirish, investorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va laboratoriya quvvatlarini kengaytirish hamda shaffof sifat nazorati tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Takliflarni ma’qullagan Prezident tegishli qarorlarni imzoladi. Mas’ul rahbarlarga belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash hamda aniq natijalarga erishish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Manba

PARTNERS
Axborot ko`magi