Yangiliklar
“TIHE 2025” ko‘rgazmasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining jadal rivojlanayotganini namoyon etmoqda
Bugun “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida “Sog‘liqni saqlash– TIHE 2025” 29-Toshkent xalqaro ko‘rgazmasining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.Ushbu ko‘rgazma sog‘liqni saqlash sohasidagi ilg‘or texnologiyalar, yuqori aniqlikdagi diagnostika uskunalari, zamonaviy tibbiy jihozlar hamda innovatsion yechimlarni jamlagan yirik xalqaro tadbir hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rgazma Jahon ko‘rgazma sanoati assotsiatsiyasi (UFI) tomonidan rasman tan olingan bo‘lib, O‘zbekistondagi yagona UFI-akkreditatsiyaga ega tibbiy ko‘rgazma sanaladi. U mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini joriy etish, mahalliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim platformaga aylangan.
Ko‘rgazma 23 mamlakatdan 400 dan ziyod kompaniya va brendlarni birlashtirdi. Ular orasida AQSH, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Italiya, Qozog‘iston, Rossiya, Hindiston kabi davlatlardan kelgan yetakchi kompaniyalar bor. Eng faol ishtirok etuvchi davlatlar sifatida Xitoy (116 kompaniya), Koreya (16 kompaniya), Turkiya (8 kompaniya), Germaniya (12 kompaniya) qayd etilmoqda. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Bu yil ular umumiy ishtirokchilarning 24 foizini tashkil etdi.
“TIHE 2025” ko‘rgazmasida diagnostika uskunalari (MRT, KT, UTT, rentgen apparatlari), jarrohlik va reanimatsiya asbob-uskunalari, fizioterapiya, reabilitatsiya va laboratoriya jihozlari, “aqlli” tibbiy matraslar, tibbiy IT yechimlari va raqamli sog‘liqni saqlash texnologiyalari, farmatsevtika mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Xitoyning “Shinva” kompaniyasi mintaqaviy menejeri Dilshat Ushurovning so‘ziga ko‘ra, ushbu ko‘rgazmada ishtirok etish ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
– “Shinva” kompaniyasi 80 yildan ortiq tarixga ega. Biz Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bozorida faol ish olib boramiz. O‘zbekiston va Rossiyadagi yirik farmatsevtika korxonalarida bizning sterilizator hamda boshqa tibbiy jihozlarimiz keng qo‘llaniladi. Har yili Toshkent shahrida o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmada muntazam ishtirok etamiz. Aniq aytish mumkinki, mazkur tadbirda qatnashish va ishonchli hamkorlarimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish biz uchun juda qimmatli. Maqsadimiz esa yangi loyihalarni muhokama qilish, O‘zbekistondagi faoliyatimizni kengaytirish, uskunalarni targ‘ib etish va mahalliy bozorni chuqurroq o‘rganishdan iborat, – dedi u.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida “Sog‘liqni saqlashda zamonaviy texnologiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy seminarlar ham o‘tkazildi. Ularda mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlardan kelgan yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, tajriba almashdi va yangi yechimlarni muhokama qildi.
Uch kun davom etadigan mazkur “TIHE” ko‘rgazmasi soha mutaxassislari, shifokorlar, klinika rahbarlari, investorlar, distribyutorlar va dorixona tarmoqlari uchun o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim muloqot maydoni hisoblanadi. Bu yerda shartnomalar imzolanadi, yangi investitsiya loyihalari muhokama etiladi va yuqori texnologiyali uskunalarning xarid shartlari ko‘rib chiqiladi.
Muhimi, “TIHE 2025” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining jadal rivojlanayotganini, mamlakatimizda tibbiy infratuzilmani yangilash, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarga asoslangan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga katta e’tibor qaratilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Manba