30-yubiley Toshkent Xalqaro «Sog’liqni saqlash – TIHE 2026» ko’rgazmasi

28 - 30 aprel 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Sog‘liqni saqlashga chet eldan $370 mln jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Davlat klinikalarida autsorsing va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sifatini oshirish va tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda shifoxonalar uchun zamonaviy uskunalar xarid qilishga har yili budjetdan kamida 100 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi. 2024-yilda soha uchun 200 million dollar xorijiy investitsiyalar va 94 million dollar grantlar jalb qilindi, bu esa viloyat va tuman klinikalarini magnit-rezonans va kompyuter tomografiyalari bilan ta’minlashga imkon berdi.

Joriy yilda ushbu maqsadlar uchun budjet mablag‘lari 200 milliard so‘mga oshiriladi. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasiga 370 million dollar xorijiy moliyalashtirish jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Shu tariqa, tug‘ruq muassasalarini jihozlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 100 million dollar ajratilishi kutilmoqda. Ushbu mablag‘ evaziga 6 ta reanimobil va 45 turdagi 21 ming dona tibbiyot mahsuloti sotib olinadi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazm klinikalarida yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun KfW tomonidan 30 million yevro hisobidan uskunalar o‘rnatiladi. Shuningdek, Termizda yuqori texnologiyali tibbiyot o‘quv markazi va yotoqxona qurish uchun 13,5 million yevro ajratiladi.

Prezident yangi jihozlar bilan ishlash uchun shifokor va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Mavjud uskunalardan samaraliroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi — masalan, hududlardagi angiograflarning o‘rtacha yuklanishi 34% ni tashkil etadi.

Davlat tibbiyot muassasalarida yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanish uchun autsorsing va davlat-xususiy sheriklik tashabbuslarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Spot xabar berganidek, O‘zbekiston va BAA tibbiyot sohasida 100 million dollardan ortiq loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Manba

PARTNERS