Yangiliklar
O‘zbekiston GHWPning to‘liq a’zosi bo‘ldi
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston rasman Global uygʻunlashtirish ishchi guruhining (GHWP) toʻliq aʼzosi boʻldi. Bu haqda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tayotgan GHWPning 28-yig‘ilishida ma’lum qilindi.Yig‘ilishda O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov “O‘zbekistonda tibbiy mahsulotlar va tibbiyot texnikasi sifati ustidan nazoratni ta’minlash” mavzusida ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida O‘zbekistonda tibbiyot buyumlari va asbob-uskunalari xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, bu boradagi xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Farmatsevtika xavfsizligi markazining GHWPga qabul qilish to‘g‘risidagi so‘rovi tadbir tashkilotchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va bu mamlakatning mazkur xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lishiga olib keldi.
GHWP farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy asboblarni tartibga solish uchun mas'ul bo'lgan global organdir. Uning maqsadi dori vositalari va tibbiy buyumlarning xavfsizligi va sifati bo‘yicha jahon standartlarini uyg‘unlashtirish hamda ularning muvofiqligini ta’minlashdan iborat.
Bugungi kunda GHWP tarkibiga 30 dan ortiq mamlakatlar, jumladan, Yevropa, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning nazorat organlari kiradi. O‘zbekistonning GHWPga qo‘shilishi farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlarini tartibga solish sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlik, tajriba almashish va muammolarni birgalikda hal qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.